Qo'mita haqida
Oʼzbekiston Respublikasining Mudofaa sanoati boʼyicha davlat qoʼmitasi davlat mudofaasining buyurtmalarini shakllantirish va mudofaa ahamiyatiga molik ishlab chiqarishni tashkil etish sohasidagi yagona davlat siyosatini amalga oshirish uchun masʼul boʼlgan davlat boshqaruvining vakolatli organi hisoblanadi.


Oʼzbekiston Respublikasida uzoq yillar davomida Qurolli Kuchlarni harbiy va ikki maqsadda foydalaniladigan mahsulotlar bilan taʼminlash asosan import hisobidan amalga oshirilib kelingan boʼlib, ushbu holat nafaqat milliy armiyamizni harbiy va maxsus texnika, qurol-aslaha va boshqa zarur jihozlar bilan oʼz vaqtida taʼminlashga, balki mamlakat harbiy xavfsizligini taʼminlash kabi strategik yoʼnalishda xorijiy davlatlarga bogʼlanib qolishdek holatni yuzaga keltirgan edi.

Shu sababdan, Oʼzbekiston Respublikasi Prezidenti – Qurolli Kuchlarimiz Oliy Bosh Qoʼmondonining shaxsan tashabbuslari bilan mamlakatimizda olib borilayotgan harbiy sohadagi ilohotlar doirasida milliy mudofaa sanoati kompleksi yaratildi, va davlat mudofaa buyurtmalarini shakllantirish, hamda mudofaa ahamiyatiga ega boʼlgan ishlab chiqarish sohasida yagona davlat siyosatini olib borishga masʼul boʼlgan davlat organi – Oʼzbekiston Respublikasi Mudofaa sanoati boʼyicha davlat qoʼmitasi tuzildi.


Oʼzbekiston Respublikasining Mudofaa sanoati boʼyicha davlat qoʼmitasi davlat boshqaruv organi hisoblanadi.


Davlat qoʼmitasi oʼziga yuklangan vazifalarga muvofiq quyidagi funktsiyalarni bajaradi:

davlat mudofaa buyurtmalarini shakllantirish va amalga oshirish, davlat va xoʼjalik boshqaruvi organlari, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari faoliyatini muvofiqlashtirish;

mudofaa sanoati kompleksi korxonalari va ishlab chiqarish tashkilotlari majmuasini yaratish hamda boshqarish, shuningdek, yangi ishlab chiqarish tizimini, xususan xorijiy sheriklar bilan hamkorlikda tashkil etish yoʼli orqali rivojlantirish;

Oʼzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlarining qurol-yarogʼ, harbiy texnika, harbiy-texnik va kiyim-kechak jihozlari, oziq-ovqatning ayrim turlari, maxsus jihozlar va harbiy va ikki maqsadda foydalaniladigan boshqa moddiy-texnik vositalari bilan jihozlanishini va taʼminlanishini tashkil etish;

harbiy-texnik sohadagi tashqi savdo faoliyati, yetakchi xorijiy davlatlar bilan harbiy-texnik hamkorlik, mudofaa sanoatiga xorijiy investitsiyalarni jalb qilish, shuningdek, mudofaa sanoati kompleksi korxonalarining eksport salohiyatini oshirish boʼyicha chora-tadbirlarni koʼrib borish;

harbiy va ikki maqsadga moʼjallangan mahsulotlar, butlovchi buyumlar, eng yangi materiallar va xom ashyo ishlab chiqarishni rivojlantirishga yoʼnaltirilgan ilmiy-tadqiqot ishlarini tashkil etish va oʼtkazish;

harbiy va ikki maqsadga moʼjallangan mahsulotlarni ishlab chiqarish, taʼmirlash, modernizatsiya qilish, moslashtirish yoʼli orqali qayta ishlash, qurol, harbiy texnika va harbiy-texnikaviy buyumlarni import va eksport qilishda xalqaro standartlar hamda talablarning bajarilishini taʼminlash;

harbiy maqsadga moʼjallangan mahsulotlarni yaratish, ishlab chiqarish, taʼmirlash va modernizatsiya qilish sohasidagi talab yuqori boʼlgan texnologiyalarni oʼzlashtirish;

boshqaruv kadrlarni, ilmiy, muhandis-texnik va ishchi kadrlarni tayyorlash, qayta tayyorlash hamda ularning malakasini oshirish, iqtisodiyotning harbiy sektoridagi mehnat faoliyatining jozibadorligini oshirish boʼyicha ragʼbatlantiruvchi ijtimoiy chora-tadbirlarni joriy etish.

Oʼtgan ikki yil mobaynida Qoʼmita tomonidan mamlakatimiz sanoatining harbiy va ikki maqsadda foydalaniladigan mahsulotlarni ishlab chiqarish salohiyatini rivojlantirishni taʼminlash va milliy armiyamizni zamonaviy qurol-yarogʼ, jangovar texnika, maxsus vositalar va ayrim turdagi oziq-ovqat mahsulotlari bilan taʼminlash boʼyicha maqsadli ishlar bajarilib kelmoqda.

Jumladan, dunyoning 20 dan ortiq yetakchi davlatlari bilan harbiy-texnik hamkorlik oʼrnatildi, 6 ta hukumatlararo komissiya faoliyat koʼrsatmoqda, xorijiy sheriklar bilan harbiy-texnik sohada 10 dan ortiq bitimlar va hamkorlik toʼgʼrisidagi memorandumlar imzolandi.

Tizimli asosda Oʼzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari ehtiyojlari uchun zamonaviy qurol-yarogʼlar, harbiy texnika va harbiy-texnik mulklarni sotib olish amalga oshirilmoqda.

Bundan tashqari Mudofaa vazirligi kuch va vositalarini jalb qilgan holda mavjud, moddiy va maʼnaviy jihatdan eskirgan qurol-aslahalarni modernizatsiya qilish boʼyicha ishlar izchil amalga oshirilmoqda. Jumladan BM-21 “Grad” rusumli yalpi oʼt ochish reaktiv tizimi yangi zamonaviy shassiga oʼrnatildi, BTR-70 rusumli transporterga yangi zamonaviy dizel dvigateli, uzatish qutisi oʼrnatilib mobil imkoniyatlari oshirildi, T-64 rusumli tankning kuch boʼlimi toʼliq rekonstruktsiya qilinib, zamonaviy, katta quvvatga ega dvigatel va transmissiya agregatlari qoʼyildi. Jangovar ekspluatatsiya bilan ushbu tizimning amaliy sinovlari ijobiy natijalarni koʼrsatdi.

BTR-70 ga qoʼshimcha zirhlar, kumulyativ panjara, yangi dizel dvigatel va uzatish qutisini oʼrnatish orqali uning jangovar qobiliyati yaxshilanadi.

T-64 tanklarining kuch va quvvat boʼlimlari toʼliq rekonstruktsiya qilindi, kuchaytirilgan zamonaviy dvigatel va raqamli radiostantsiya oʼrnatildi.

GАZ-66 rusumli avtomashinalar yangi dvigatellar va ISUZU uzatish qutisi bilan jihozlanishi natijasida ushbu mashinalarning yoqilgʼi-moylovchi vositalarni tejash orqali yoʼl bosish samaradorligini oshishiga sabab boʼldi.

Shuningdek, KamАZ avtomashinalari bazasida har qanday sharoitda va har qanday vaziyatda qoʼshinlarni doimiy boshqarish va nazorat qilishni taʼminlaydigan mobil qoʼmondonlik punkti, shuningdek, eng zamonaviy uskunalar bilan jihozlangan koʼchma tibbiy punkt tashkil etildi.


Bundan tashqari, «ChАRZ» DUK kapital taʼmirlanib, rekonstruktsiya qilindi va texnologik qayta jihozlandi, natijada korxona tomonidan taqdim etilayotgan xizmatlar koʼlami kengaydi. Xususan, Mi oilasiga mansub vertolyotlarini toʼliq taʼmirlash sikli yoʼlga qoʼyildi, Su-25 rusumli samolyotlar kapital taʼmirlash tizimi bosqichma-bosqich oʼzlashtirilmoqda.

«Vostok» davlat unitar korxonasi bazasida oʼq-dorilar uchun patronlar ishlab chiqarilmoqda. 2020 yilning birinchi yarmida yangi kalibrli patronlar ishlab chiqarish liniyasini ishga tushirish rejalashtirilgan.

Harbiy kiyim-kechak ishlab chiqaradigan Oʼzbekiston-Turkiya qoʼshma korxonasi tashkil etildi. 2020 yilning ikkinchi choragidan boshlab korxona toʼliq quvvat bilan ishga tushirilishi rejalashtirilmoqda.

Taʼkidlash joizki, 2020 yilda Mudofaa sanoati boʼyicha davlat qoʼmitasi tarkibiga kiruvchi korxonalar tomonidan harbiy va ikki maqsadlarga moʼljallangan mahsulotlar ishlab chiqarish va xizmatlar koʼrsatish koʼrsatkichlarini ikki baravar oshirish rejalashtirilgan.

Belgilangan pirovard natijalarga erishish, hamda mamlakatimiz mudofaa salohiyatini mustahkamlash maqsadida 2020-2025 yillarda Oʼzbekiston Respublikasi mudofaa sanoatini yanada rivojlantirishga qaratilgan amaliy harakatlar rejasi (“Yoʼl xaritasi”) ishlab chiqilmoqda.

Ushbu rejada Oʼzbekiston Respublikasi Prezidenti – Qurolli Kuchlarimiz Oliy Bosh Qoʼmondoni Sh.Mirziyoevning 2020 yil 24 yanvardagi Oliy Majlisga Murojaatnomasidan kelib chiqqan holda 2020 va keyingi yillarda asosiy eʼtibor Qurolli Kuchlarimizni zamonaviy qurol-aslaha, harbiy va maxsus texnika, hamda boshqa mahsulotlarga boʼlgan ehtiyojlarini toʼliq taʼminlashga, mahalliy ishlab chiqarish korxonalari faoliyatini takomillashtirishga, ishlab chiqarilayotgan harbiy va ikki maqsadli mahsulot turlari va nomenklaturasini koʼpaytirishga, korxonalarga turli imtiyozlar yaratgan holda mahsulotlar tannarxini tushirish va ularning eksportbopligini oshirishga qaratiladi.