QR ko'd:
Ijtimoiy tarmoqlar ulashish
Tilimiz nufuzi va mavqeini oshirishga bag‘ishlangan tanlov


O‘zbekiston Respublikasida amalga oshirilayotgan keng qamrovli islohotlar jarayonida maʼnaviy hayotimizda ham ulkan o‘zgarishlar ro‘y bermoqda. Xususan, oxirgi yillar ichida ona tilimizga bo‘layotgan eʼtibor va uning tom maʼnoda davlat tili sifatidagi mavqeini yuksaltirish yo‘lida mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar bizga o‘zbek tiliga bo‘lgan munosabatimiz haqida yana bir karra jiddiy o‘ylab ko‘rish, ona tilimizga chetdan bir qur nazar tashlash, tahlil va tafakkur etish imkoni va masʼuliyatini beradi.

Mamlakatimizda davlat tilini rivojlantirish va uni barcha jabhalarga keng joriy etish borasidagi ishlarga eʼtibor so‘nggi yillarda g‘oyat oshdi. Eʼtibor qilsak, hukumatimiz tomonidan o‘tgan yillar davomida qonun hujjatlarini takomillashtirish borasida davlat tilini rivojlantirishga qaratilgan 1 ta qonun, 2 ta Prezident Farmoni, 1 ta Prezident qarori va Vazirlar Mahkamasining 10 dan ortiq qarorlari qabul qilindi.

Bundan tashqari, respublikamizda o‘zbek tilining davlat tili sifatidagi nufuzini oshirish, davlat tilini milliy qadriyat sifatida targ‘ib qilish, unga nisbatan milliy g‘urur hissini tarbiyalash, tilimizning xalqaro mavqeini mustahkamlash, davlat tiliga oid muammolarni hal etishga ijodiy yondashuvni rivojlantirish maqsadida “Qadring baland bo‘lsin, ona tilim” shiori ostida tanlovni o‘tkazish ijobiy anʼanaga aylanib bormoqda.

O‘zbek tilini targ‘ib qiluvchi ijodiy izlanishlarni rag‘batlantirish va ommalashtirishga qaratilgan ishlarning davomi sifatida 2021 yil 3 iyun kuni Vazirlar Mahkamasining 98-son bayonnomasi qabul qilindi. Unga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining 30 yilligiga bag‘ishlab, mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar jarayonida davlat tilining hayotimizdagi o‘rni va nufuzini oshirish, o‘zbek tilini siyosiy-huquqiy, ijtimoiy-iqtisodiy, maʼnaviy-maʼrifiy jabhalarda to‘laqonli joriy etish hamda faol qo‘llanilishini rag‘batlantirishga qaratilgan “Qadring baland bo‘lsin, ona tilim” Respublika tanlovini tashkil etish va o‘tkazish bo‘yicha qaror qabul qilindi.

Eʼtiborlisi, Respublika tanlovi 2021 yilning 10 iyunidan 10 sentyabriga qadar bo‘lgan muddat oralig‘ida, yaʼni:

  • davlat tili ustuvorligi taʼminlangan eng namunali hudud (mahalliy ijro etuvchi tuman/shahar hokimliklari);
  • davlat tilida ish yuritish yo‘lga qo‘yilgan eng yaxshi tizim (vazirlik, idora, xo‘jalik birlashmalari);
  • o‘zbek tilini rivojlantirishga qaratilgan eng yaxshi ilmiy-amaliy loyiha (ilmiy tashkilotlar, oliy va o‘rta-maxsus taʼlim muassasalari) kabi uch yo‘nalishda tashkil etiladi va o‘tkaziladi.

Qayd etish lozimki, tanlovda mahalliy ijro etuvchi hokimliklar, vazirlik, idora, xo‘jalik birlashmalari, ilmiy tashkilotlar, oliy va o‘rta-maxsus taʼlim muassasalari o‘z tashabbuslariga binoan Tashkiliy qo‘mitaga ariza berish yo‘li orqali ishtirok etadilar.

Bayonnoma bilan uchala yo‘nalish bo‘yicha tanlovlarni tashkil etish va o‘tkazish tartibi to‘g‘risidagi nizomlar tasdiqlanib, tanlov Tashkiliy qo‘mitasining hamda Respublika Hakamlar hayʼatining tarkibi eʼlon qilingan.

Tanlovni shaffof va adolatli o‘tishini taʼminlash maqsadida tanlov ishtirokchilarini saralash va Respublika Hakamlar hayʼatiga tavsiya etish uchun tanlovning har bir yo‘nalishiga alohida masʼul vazirlik va idoralar tayinlandi, unga ko‘ra “Davlat tili ustuvorligi taʼminlangan eng namunali hudud” yo‘nalishida nominantlarni aniqlash Vazirlar Mahkamasining Maʼnaviyat va davlat tilini rivojlantirish masalalari departamenti, “Davlat tilida ish yuritish yo‘lga qo‘yilgan eng yaxshi tizim” yo‘nalishida eng faol davlat tashkilotlarini aniqlash Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi, “O‘zbek tilini rivojlantirishga qaratilgan eng yaxshi ilmiy-amaliy loyiha” yo‘nalishida g‘oliblikka daʼvogarlarni saralash Innovatsion rivojlanish vazirligi zimmalariga yuklatildi.

Ayni kunlarda, Mudofaa sanoati bo‘yicha davlat qo‘mitasi tanlovning ikkinchi yo‘nalishida ishtirok etish uchun tayyorgarlik ko‘rib bormoqda. Tanlovda ishtirok etishga har tomonlama yetarli asoslar bor, аxir bir yildan ko‘proq vaqt ichida Qo‘mita tizimida ham o‘zbek tilini davlat tili sifatida rivojlantirish va til siyosatini takomillashtirishning asosiy yo‘nalishlari belgilab olinib, yo‘nalishlar amaliyotda faol qo‘llanmoqda, jumladan, o‘zbek tilining davlat tili sifatidagi nufuzini oshirish, mudofaa sanoati kompleksi korxonalarida davlat tilini to‘laqonli joriy etilishini targ‘ib-tashviq etish, lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosini qo‘llashni rag‘batlantirish, mehnat jamoalarida davlat tiliga hurmat-eʼtibor muhitini shakllantirish, tizimda mehnat qilayotgan turli millat va ellat vakillariga davlat tilini o‘rganish uchun qulay shart-sharoit yaratishga qaratilgan ishlar izchil olib borilmoqda.

Tanlovning mazkur yo‘nalishi uchun masʼul etib belgilangan Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi tomonidan 2021 yilning 1 sentyabriga qadar Qo‘mita tizimida davlat tilining to‘laqonli joriy etilishini taʼminlashga qaratilgan faoliyat natijalarini baholash bo‘yicha eng muhim samaradorlik ko‘rsatkichlari ro‘yxati asosida quyidagi yo‘nalishlar o‘rganilib, baholanadi:

  • Qo‘mita va tizim korxonalari nomlari (peshlavhalari)ning davlat tilida xatosiz yozilganligi (baholash mezoni – ball);
  • Qo‘mita va tizim korxonalariga taalluqli eʼlonlar, targ‘ibot materiallari matnining davlat tilida xatosiz yozilganligi (ball);
  • Qo‘mitaga tegishli veb-sayt va boshqa axborot resurslarining lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosiga to‘liq o‘tganligi (%);
  • Qo‘mita va tizim korxonalarida faoliyat ko‘rsatayotgan boshqa millat va elat vakillarining o‘zbek tilini o‘rganishga qaratilgan uslubiy qo‘llanmalar bilan taʼminlanganligi (%);
  • Qo‘mita vakillarining davlat tili nufuzi va mavqeini oshirish, lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosini joriy etish masalalari bo‘yicha markaziy nashrlarda chiqishlari (soni);


Tilshunos professor-o‘qituvchilar, yozuvchi-shoirlar ishtirokida Qo‘mita tizimida davlat tilining ahamiyati, lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosiga o‘tilishidan ko‘zlangan maqsadni targ‘ib etuvchi maʼrifiy uchrashuvlar o‘tkazilganligi (ball).

Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi 2021 yilning 5 sentyabriga qadar yo‘nalish bo‘yicha baholash mezonlariga ko‘ra eng yuqori ko‘rsatkichga erishgan vazirlik, idora va xo‘jalik birlashmalarini Respublika Hakamlar hayʼatiga tavsiya qiladi.

Tanlov natijalari va g‘oliblari (1-, 2- va 3-o‘rinlar) ro‘yxati tanlovning rasmiy sayti hamda axborot hamkorlari hisoblangan ommaviy axborot vositalari orqali 21 oktyabr – O‘zbek tili bayrami kuni arafasida eʼlon qilinadi.

Nizom bilan tanlov g‘oliblarini taqdirlash masalalari Vazirlar Mahkamasi huzuridagi O‘zbek tilini rivojlantirish jamg‘armasi hisobidan amalga oshirilishi belgilab qo‘yilgan.

Albatta, bu kabi tanlovlarda ishtirok etish Qo‘mita va uning tizimida o‘zbek tilining davlat tili sifatidagi nufuzini oshirish, mehnat jamoalarida davlat tilini puxta bilishning burch va majburiyat sifatida his etilishiga erishish, barcha millat va elat vakillariga o‘zbek tilini o‘rganish uchun qulay shart-sharoitlar yaratish, lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosiga to‘liq o‘tishni jadallashtirish ishlarini tezroq amalga oshishiga xizmat qiladi.

Xulosa o‘rnida, respublikamizda o‘tkazilayotgan bu kabi tanlovlarda Qo‘mitamizning ishtiroki davlat tilini tizim hayotiga to‘laqonli joriy etilishini taʼminlashda yuqori natijalarga erishayotgan boshqa vazirlik, idora va xo‘jalik birlashmalari qatorida til siyosatini takomillashtirish bo‘yicha jamiyatimizning harbiy sektorida erishilayotgan yutuq va muvaffaqiyatlarni ommalashtirishga sabab bo‘ladi. Umuman, mamlakatimizda o‘zbek tilining davlat tili sifatida kelajagi, mavqei, nufuzi va obro‘-eʼtiborini hech kim chetdan kelib taʼminlab bermasligini barchamiz yaxshi anglashimiz, shu sabab, tilimizning kelajakda yana-da yuksak mavqe va obro‘-eʼtibor qozonishi o‘zimizning istagimiz, shijoatimiz, g‘ururimiz, irodamiz, qatʼiyatimizga bog‘liqligini unutmasligimiz lozim.

Qahramon Kamolov
Davlat mudofaa sanoati qo‘mitasi raisining maslahatchisi