QR ko'd:
Ijtimoiy tarmoqlar ulashish
Til – millat qiyofasining bir bo‘lagi


Buyuk mutafakkir Mir Alisher Navoiy hazratlari bejiz “Tilga eʼtibor – elga eʼtibor” deb aytmagan. Olis va uzoq o‘tmishdan boshlangan tilga eʼtibor ayni kunlarda ham o‘z obro‘-eʼtiborini yo‘qotmay kelmoqda. Har bir millatu-davlatning milliy merosi sifatida ulug‘lanadigan o‘z tili bo‘lgani kabi, jonajon O‘zbekistonimizning ham o‘ziga mos bo‘lgan davlat tili bor bo‘lib, yurtimizda unga milliy istiqlolga erishgunga qadar davlat maqomini berilgani ham tarixiy hodisadir. Menimcha, mamlakatimiz o‘z davlat tilini qo‘lga kiritishi, mustaqillik va hur istiqlol haqidagi xushxabarning ilk daragi bo‘lgan.

1989-yilning 21-oktyabr kuni o‘zbek tiliga davlat tili maqomi berilishi tilimizning rivojlanish yo‘lida ilk tamal toshi qo‘yilishiga zamin yaratdi. Istiqlol yillarida ona tilimiz tom maʼnoda davlat tiliga aylanib, xalqimizni yurtimizda erkin va ozod, farovon hayot qurishdek buyuk marralarga safarbar etadigan beqiyos kuch sifatida maydonga chiqdi.

Til – millatning o‘ziga xosligini ko‘rsatuvchi eng asosiy vosita bo‘lgani sababli yurtimizda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar jarayonida davlat tilining hayotimizdagi o‘rni va nufuzi tobora oshib bormoqda. O‘zbek tili siyosiy-huquqiy, ijtimoiy-iqtisodiy, maʼnaviy-maʼrifiy jabhalarda faol qo‘llanib, xalqaro minbarlarda baralla yangramoqda. Xorijiy mamlakatlarda tilimizga eʼtibor va uni o‘rganishga qiziqish kuchaymoqda.

Xususan, O‘zbekiston Respublikasining 2020-yil 10-apreldagi qonuni bilan 21-oktyabr kunini yurtimizda «O‘zbek tili bayrami kuni» deb belgilishi, Prezidentimizning 2019- va 2020-yillar davomida o‘zbek tilining davlat tili sifatidagi nufuzi va mavqeini tubdan oshirish yo‘nalishida qabul qilgan bir necha farmonlari, Vazirlar Mahkamasi tuzilmasida Maʼnaviyat va davlat tilini rivojlantirish masalalari departamenti tashkil etilishi, davlat tashkilotlarida davlat tilida ish yuritish masalalariga masʼul bo‘lgan maslahatchi lavozimini joriy etilishi, Vazirlar Mahkamasi huzurida o‘z faoliyatini jamoatchilik asosida amalga oshiradigan, yangi so‘z va atamalarni rasmiy isteʼmolga kiritadigan Atamalar komissiyasi faoliyatini yo‘lga qo‘yilishi hamda o‘zbek tilini rivojlantirish jamg‘armasini tashkil etilishi bu boradagi ishlarni tamoman yangi bosqichga ko‘tardi.

Albatta, til – millat qiyofasining bir bo‘lagi. Biroq, jahondagi barcha xalqlar o‘zining milliy rasmiy tiliga ega deb aytolmaymiz. Chunki bu xalqning milliy mustaqilligi bilan bog‘liq. Tadqiqotchi mutaxassislarning so‘zlariga ko‘ra, bugungi kunda har ikki xaftada bitta til yo‘qolib bormoqda ekan. Bu o‘z navbatida o‘sha tilda so‘zlashuvchi xalqlarning yo‘qolishini anglatadi. Birlashgan Millatlar Tashkilotining taʼlim, ilm va madaniyat masalalari bo‘yicha tashkiloti hisoblangan Yunesko vakillarining so‘zlariga qaraganda, ayni vaqtda yer yuzi aholisi 7,7 milliardni tashkil etib, ular 7 mingdan ortiq tilda gaplashadi. Ana shu tillarning atigi 70 tasida, yaʼni bir foizida dunyo aholisining 90 foizi so‘zlashadi. 7 mingdan ziyod tilning faqat 200 ga yaqini davlat tili yoki rasmiy til maqomiga ega xolos. Xavotirli tomoni, 7 mingdan ortiq tilning 90 foizi yo‘qolib ketish arafasida turibdi. Bu asosan sivilizatsiya tufayli o‘z madaniyatidan ayrilayotgan kam sonli millatlarning tillaridir. Bu tillarda so‘zlovchi aholining ayrimlari yozuvga ega bo‘lsa, ayrimlari bundan bebahradir.

Maʼlumotlarga qaraganda (www.sntch.com) hozirgi davrda yer yuzi aholisi eng ko‘p gaplashadigan tillar o‘ntaligi quyidagicha taqsimlangan:

xitoy tili – bu tilda 1,300 mlrd. dan ortiq kishi so‘zlashadi;

ingliz tili – bu tilda 600 mln. dan ortiq kishi so‘zlashadi;

hind tili – bu tilda 500 mln. dan ortiq kishi so‘zlashadi;

ispan tili – bu tilda 427 mln. dan ortiq kishi so‘zlashadi;

arab tili – bu tilda 267 mln. dan ortiq kishi so‘zlashadi;

rus tili – bu tilda 260 mln. dan ortiq kishi so‘zlashadi;

bengal tili – bu tilda 250 mln. dan ortiq kishi so‘zlashadi;

portugal tili – bu tilda 240 mln. dan ortiq kishi so‘zlashadi;

indonez tili – bu tilda 200 mln. dan ortiq kishi so‘zlashadi;

fransuz tili – bu tilda 150 mln. dan ortiq kishi so‘zlashadi.



Ko‘rib turganingizdek, ushbu tillarda so‘zlashuvchilarining ko‘pligi jihatidan boshqa tillarda so‘zlashuvchilarga qaraganda yer yuzi aholisi o‘rtasida ustunlik qilmoqda. Sababi, ushbu tillarda gaplashuvchi davlatlar iqtisodiyot, ilm-fan, texnika rivoji borasida boshqa mamlakatlarga qaraganda ancha oldinlab ketdi. Shu bois ham, insonlar orasida mazkur tillarni o‘rganishga bo‘lgan qiziqish ham katta hisoblanadi.

Chet tillarini o‘rganish haqida buyuk nemis adibi Iogann Volfgang Gyote: “Kimki o‘zga tillarni bilmasa, o‘z tilini ham yaxshi tushunmaydi”, - deb yozgan ekan. Astoydil harakat qilinsa, boshqa tillarni mukammal o‘rganish hech narsa emas ekan.

Ijtimoiy tarmoqlardagi ayrim sahifalarni o‘rganish orqali olingan maʼlumotlarga ko‘ra, Avstraliyalik olim Stiven Vurm 500 ta, rus olimi Sergey Starostin 400 ta, Germaniyalik lingvist Lyudvig Shyuts 270 ta, Daniyalik tilshunos Rasmus Xristian Rask 230 ta, mashhur nemis lingvist olimi Vilgelm Gumboltd 117 ta, Vengriyalik yozuvchi va tarjimon Ishtvan Dabi 100 dan ortiq, Italiyalik kardinal Juzeppe Kasper Messofanti 72 ta, Rossiyalik tilshunos Yevgeniy Polivanov 70 dan ortiq, BMT ning bosh tarjimoni Jorj Smit 69 ta, nemis olimi va siyosatchisi Emil Krebs esa 60 ta tilda gaplasha olgan. Ajabmas, bularning barchasi bizlarga hamda o‘sib kelayotgan bugungi yosh avlod uchun ibrat namunasi bo‘lib xizmat qilsa.

Xo‘sh, bizning zaminda bu kabi o‘tkir va noyob iqtidor sohiblari bo‘lmaganmi? Axir, bejizga bir paytlari ilm-fanda, sanʼat va adabiyotda, til o‘rganishda, fahm-farosatda, aql-zakovatda ota-bobolarimiz o‘z davrlarida dunyo xalqlarining peshqadamlaridan, eng oldinda turgan eʼtiborli vakillaridan sanalmaganlar-ku?!

Tarixchi olimlar va mutaxassislar tomonidan taqdim etilgan maʼlumotlarga ko‘ra, buyuk qomusiy olim Abu Rayhon Beruniy 150 dan ortiq tilni bilgan. Shulardan 20 tasi “unutilgan tillar” sanalgan. Abu Nasr Farobiy o‘zlashtirgan tillarning miqdori 100 dan ortiq bo‘lgan va ularning 10 ga yaqini “unutilgan tillar” qatoriga kirgan. Dunyo tabobat ilmiga asos solgan olimlardan biri Abu Ali ibn Sino arab, fors, turk, lotin, so‘g‘d tillarida bemalol suhbatlasha olgan. Sohibqiron Amir Temur arab, fors, mo‘g‘ul, turkiy tillarni o‘ziga yarasha o‘zlashtirganligini tarixdan barchamizga maʼlum.

Tarixiy manbaalarda taʼkidlanishicha, azal-azallardan ilm-fan hamda uning sirlarini, tillarni o‘rganishda xalqimizda o‘ziga xos anʼana va boshqalarga qaysidir maʼnoda, namuna bo‘la oladigan hislatlar bo‘lgan. O‘zini ziyoli, o‘qimishli sanagan har bir inson arab, fors-tojik va albatta ona tilimiz hisoblangan o‘zbek tilini mukammal bilgan. Ona tilidan tashqari, boshqa tillarni ham bilish zamonasining ilg‘or kishilari o‘zlari uchun bu narsani qatʼiy vazifa deb hisoblaganlar. Buyuk ajdodlarimizning asarlarini dunyoga dovrug‘ taratishida ham mana shu narsa muhim omil bo‘lib xizmat qilgan deyishimiz mumkin. Negaki, ularning barchasi turkiy - o‘zbek tilidan tashqari, forsiy tilda ham ajoyib sheʼrlar, asarlar bitishgan.

Lug‘at boyligi, unda yaratilgan ilmiy, badiiy, tarixiy asarlarning salmog‘i nuqtai nazaridan o‘zbek tili dunyodagi manaman degan tillardan qolishmaydi. Buni quyidagi misol yordamida ham isbotlashimiz mumkin. Aleksandr Pushkin o‘z asarlarida 21 ming 197 ta betakror so‘z ishlatgan, Uilyam Shekspir salkam 20 mingta, Migel de Servantes 18 mingtaga yaqin, Abdurahmon Jomiy 17 ming 600 ta, Abdulla To‘qay 4 mingdan ortiq. Eʼtibor bering, Hazrat mir Alisher Navoiy esa 1 million 378 ming 660 so‘z, shu jumladan, 26 mingta betakror so‘z ishlatgan. Boisi – buyuk bobomiz faqat turkiy emas, forsiy, arabiy, urdu, xitoy, mo‘g‘ul va boshqa tillardagi so‘zlardan ham mahorat bilan foydalangan.

O‘zbek tilining har tomonlama rivoj topishi va adabiy til sifatida sahnaga chiqishida qadimiy turkiy til katta hissa qo‘shganini alohida eʼtirof etish joiz bo‘ladi. Shu borada Mahmud Koshg‘ariy, Yusuf Xos Hojib, Ahmad Yugnakiy, Atoiy, Sakkokiy, Lutfiy kabi ilmu fan va adabiyot namoyandalarining xizmati va qoldirgan merosi muhim o‘rin egallaganini qayd etish lozim.

O‘zbek adabiy tili, ayniqsa, XIV - XV asrlarda - Amir Temur va temuriylar davrida rivojlanishning yangi, yuksak bosqichiga ko‘tarildi. Buyuk shoir va mutafakkir Alisher Navoiy umumbashariyat madaniy xazinasidan munosib o‘rin olgan o‘lmas asarlarini aynan ona tilimizda yaratib, uning shuhratini butun dunyoga tarannum etdi.

Zahiriddin Muhammad Bobur, Muhammadrizo Ogahiy, Boborahim Mashrab, Muqimiy, Furqat kabi o‘nlab mumtoz adib va allomalarimizning ijodida ona tilimizning lug‘at boyligi, badiiy imkoniyatlari, uning go‘zalligi va nafosati yana-da yorqin namoyon bo‘lganini taʼkidlash lozim.

Mustamlaka tuzumining tazyiqlariga qaramasdan, o‘z hayotini xalqimizning maʼnaviy kamolotiga, ona tilimizning ravnaq topishiga bag‘ishlagan Mahmudxo‘ja Behbudiy, Abdulla Avloniy, Abdurauf Fitrat, Abdulhamid Cho‘lpon, Abdulla Qodiriy kabi ulug‘ maʼrifatparvarlarning ulkan xizmatlarini, bu yo‘lda haqiqiy vatanparvar, yurtparvar, millatparvar sifatida iz qoldirgan ziyoli insonlarning nomlarini el-yurtimiz doimo hurmat bilan eslaydi.

Millat taqdiri til taqdiri bilan bevosita bog‘liq. Til har bir xalq madaniyatining o‘zagidir. Shu sababli ham tilning saqlanishi xalq va millat taraqqiyoti hamda kelajagini belgilaydi. Til xalqni birlashtiradi, tarbiyalaydi, o‘qitadi, urf-odat, anʼanalarini saqlaydi, ularni avloddan-avlodga yetkazib beradi.

Shunday ekan, millatimizning barcha vakillari ajdodlardan avlodlarga o‘tib kelayotgan bebaho boylikning vorislari sifatida ona tilimizni asrab-avaylash, uni boyitish, nufuzini oshirishni o‘zlari uchun eng ustuvor, uzviy davom etadigan yuksak maqsad deb bilishlari va bu masalaning ahamiyati hech qachon eʼtiborlaridan chetda qoldirmasliklari lozim bo‘ladi.

Qahramon Kamolov Qo‘mita raisining maslahatchisi