QR ko'd:
Ijtimoiy tarmoqlar ulashish
Boqiysan, iftixorimsan, muqaddas ona tilim
12.09.2020y.

“Tilni bog‘la dil bilan, dilni bog‘la til bilan”.
O‘zbek xalq maqoli.

21-oktyabr sanasi yurtimiz tarixidagi eng qutlug‘ kunlardan biri sanaladi. Vaholanki, aynan shu kuni O‘zbekiston Respublikasining «Davlat tili haqida»gi qonuni qabul qilingan bo‘lib, bu harakatlar totalitar sho‘ro hukmronligi davridayoq xaqsevar millatimizning o‘ziga xos jasorat timsoliga aylangan edi. Mazkur qonun o‘sha davrlarning o‘zidayoq zabardast, matonatli va mehnatkash xalqimizning Milliy istiqlolga erishish yo‘lidagi barcha orzu-intilishlarini, mushtarak tuyg‘ularini yana-da kuchaytirib, Mustaqilligimiz sari qo‘yilgan dastlabki odim va o‘ziga xos poydevor bo‘ldi desak, mubolag‘a bo‘lmaydi.

Tan olish zarur, har yil o‘zbek tiliga davlat tili maqomi berilgan kunni oddiy bayram sifatida ramziy tarzda rasmiyatchilik uchun nishonlar edik. Odatda, davlat tashkilot va muassasalarida sana munosabati bilan o‘tkaziladigan tadbirlarda ushbu idoralarning o‘n-o‘n besh nafar rasmiy vakillari ishtirok etsa, auditoriyaning qolgan qismi taʼlim muassasalari o‘quvchilari, muddatli harbiy xizmatchilar yoki kursantlar bilan to‘ldirilar edi. Shuningdek, bu sana yana tilshunos olimlar, ona tili va adabiyot o‘qituvchilari, o‘quvchilar hamda talabalar tomonidan tor doirada bayram qilinar edi. Achinarli holat, lekin aslida bu haqiqat. Vaholanki, til butun boshli o‘zbek millatga tegishli, demak uni millat darajasida nishonlash va eʼtirof etishimiz zarur emasmikan?

Mutaxassislar tomonidan olib borilgan tadqiqotlar natijalariga ko‘ra o‘tmishda 9 mingdan ortiq til batamom yo‘qolib ketgan bo‘lib, hozirgi davrda yana 400 ga yaqini yo‘qolish arafasiga kelib qolgan ekan. Ekspertlarning fikricha, qaysidir bir tilning yashab qolishini taʼminlash uchun bu tildan kamida bir millionga yaqin inson faol foydalanishi zarur hisoblanarkan.

Rasmiy maʼlumotlarga qaraganda, ayni vaqtda yer yuzi aholisi 7,7 milliardni tashkil etib, ular 7 mingdan ortiq tilda gaplashadi. Ana shu tillarning atigi 70 tasida, yaʼni bir foizida dunyo aholisining 90 foizi so‘zlashadi. 7 mingdan ziyod tilning faqat 200 ga yaqini davlat tili yoki rasmiy til maqomiga ega xolos. Quvonarlisi, bizning o‘zbek tilimiz ana shu barqaror bir foizga kirishi va bizning tilda sayyoramizning 50 millionga yaqin aholisi erkin so‘zlashishidadir. Bu ham bo‘lsa, yer yuzida har 150 kishidan biri o‘zbek tilida so‘zlashadi yoki o‘zbek tili so‘zlashuvchilari soniga ko‘ra yer yuzida keng tarqalgan, har birida kamida 30 million aholi gaplashadigan 40 ta tildan biri demakdir. Eʼtirofga sazovor yana bir maʼlumot, o‘zbek tili so‘zlashuvchilar soni bo‘yicha dunyoda 27-o‘rinda turadi.

Tahlillarga ko‘ra, bizning ona tilimiz mansub bo‘lgan turkiy tillar oilasiga 30 dan ortiq tillar kiradi va ularda jahonning 250 milliondan ortiq insonlari so‘zlashadi. Eʼtibor bering, tilshunos olimlarning eʼtirofiga ko‘ra, bugun na shu 30 dan ortiq tillar kiradigan turkiy tillar orasida faqat oltita tilning holati barqaror deb baholangan. Bular davlat tili maqomiga ega bo‘lgan o‘zbek, ozarbayjon, turk, turkman, qozoq va qirg‘iz tillaridir.

Bu tillar orasida ona tilimizning qayd etilayotgani ham keyingi yillarda o‘zbek tilini xalqaro jahon miqyosida o‘z mavqeini va yashovchanligini tobora mustahkamlab borayotganligidan dalolat bermoqda.

O‘zbek tili davlat tili maqomiga ega bo‘lgan 100 ta tildan biridir. Holbuki, dunyoda bunday yuksak maqomga ega bo‘lmagan, ammo yuz millionlab kishilar so‘zlashadigan tillar ham bor. O‘zbek tili qo‘shni davlatlarda ham muomaladagi asosiy tillardan sanaladi. Soha mutaxassislarining qayd etishlaricha, qo‘shni Tojikistonda va Qirg‘izistonda o‘zbeklar nufuziga ko‘ra, titul millat vakillaridan keyingi o‘rinda turadi. Afg‘onistonda esa, o‘zbek tili pushtu va dariy tilaridan keyingi uchinchi rasmiy til sanaladi. Yaqin qo‘shni davlatlardan tashqarida ham, Turkiya, Xitoy, Hindiston, AQSH, Buyuk Britaniya, Germaniya, Fransiya, Shvetsiya va Ukraina singari davlatlarda oliy o‘quv yurtlarida o‘zbek tili alohida fan sifatida o‘rgatiladi. Dunyoning 60 ga yaqin universiteti va 100 dan ortiq maktablarida o‘zbek tili o‘qitilmoqda.

Ilmiy izlanishlar olib borayotgan chet ellik tadqiqotchilar soni oshmoqda. Demak, tilimizning nufuzi oshgan sari, mustaqil O‘zbekistonimizning mavqei ham yuksalmoqda.

Darhaqiqat, istiqlol sharofati bilan o‘zbek tilining nufuzi nafaqat yurtimizda, balki xorijiy davlatlarda ham yuksalib bormoqda, tilimizning jozibasi hattoki xorijliklarni ham o‘ziga rom etmoqda. Ommaviy axborot vositalaridagi ko‘rsatuvlarni kuzata turib, bizning ona tilimizda boshqa millat vakillari, ayniqsa, xorijlik mehmonlar so‘zlashganini eshitganimizda, qalbimiz cheksiz g‘urur va iftixor tuyg‘ulariga to‘lib ketadi. Bugun O‘zbekistonda faoliyat yuritayotgan chet mamlakatlarning elchilari (Xitoy Xalq Respublikasining O‘zbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi Szyan Yan xonim) hamda xalqaro nufuzli tashkilotlarning vakillari (BMTning O‘zbekistondagi doimiy vakili Xelena Freyzer, YEXHTning O‘zbekistondagi loyihalari muvofiqlashtiruvchisi Jon Makgregor) ham o‘zbek tilida so‘zlashmoqda. Axir xorijliklarning bizning tilimizga bo‘layotgan bu kabi qiziqishlar jonajon O‘zbekistonimizning jahon hamjamiyatidagi o‘rni va nufuzi tobora mustahkamlanib borayotganidan dalolat emasmi?

Keyingi yillarda yurtimizda o‘zbek tilining nufuzi oshirish, sofligini saqlash, yo‘qolish arafasida bo‘lgan so‘z va atamalarni tiklash, sohada olib borilayotgan islohotlarning asl maʼno-mazmunini kelajak avlod ongiga singdirish yo‘lida tahsinga sazovor ishlar amalga oshirildi.

Poytaxtda va viloyatlarda davlat tili haqidagi Qonun talablarining ijrosi bo‘yicha muvofiqlashtiruvchi komissiyalar tuzilib, qonunlar va boshqa normativ-huquqiy hujjatlarning o‘zbek tilida qabul qilinishi, vazirlik va idoralarning boshqaruv organlari, tashkilotlar, birlashmalar, muassasalar, uyushmalar va jamoat tashkilotlarida ish yuritish tizimi davlat tilida olib borilishi, respublikamizning maʼmuriy hududiy birliklari, maydonlari, ko‘chalari va madaniy meros obyektlarning nomlari davlat tilida nomlanishi taʼminlanmoqda. Qo‘lga kiritayotgan yutuqlarimizdan yana biri shundaki, targ‘ibotu-tashviqotlar natijasida fuqarolik jamiyatimiz aʼzolarining davlat tiliga bo‘lgan munosabati o‘zgarib, til madaniyati yuksalib boryapti.

Yurtimiz atoqi ilm namoyondalari tomonidan yillar davomida qiyosiy va turli sohalariga oid ensiklopediya va lug‘atlar, davlat tilida ish yuritish va so‘zlashuv qo‘llanmalari, darslik va ko‘rgazmali yo‘riqnomalari chop etildi. Ayniqsa, lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosining yaratilishi va alifboni ijtimoiy hayotga keng tatbiq etilishi ham bu kabi ezgu amallarning uzviy davomi bo‘ldi.

O‘zbek tilidagi so‘zlardan iborat lug‘atlar bir qator xorijiy davlatlarda ham nashr etililmoqda. O‘zbek tili nafaqat mamlakatimizdagi oliy o‘quv yurtlari, balki chet davlatlardagi ilmiy markazlar, nufuzli universitetlarda qiziqish bilan o‘rganilmoqda.

Prezidentimizning yangi Farmoni bilan bundan buyon yurtimizda o‘zbek tili va adabiyoti fanini o‘qitishning hamda ushbu soha bo‘yicha yuqori malakali milliy kadrlar tayyorlashning sifatini tubdan oshirishga alohida ahamiyat qaratilayotgani zamirida ham ulkan maqsadlar mujassamdir.

Quvonarlisi, hozirgi kunda o‘rta, oliy va o‘rta maxsus taʼlim muassasalarida o‘quvchi hamda talaba yoshlar uchun yangi avlod qo‘llanmalari yaratilib, ularda ona tilimizni yangicha asosda o‘rganishga eʼtibor qaratilayotganligidadir.

Tan olib aytish kerakki, o‘zbek tilining davlat tili sifatida amaldagi ilmiy qoidalariga rioya etilishida erishilayotgan muvaffaqiyatlar bilan bir qatorda ayrim kamchiliklar ham yo‘q emas. Xususan, ko‘chalarda o‘rnatilgan eʼlonlar, peshlavhalar, ko‘rgazmali axborot matnlari, bekatlar nomlari, ulardagi boshqa yozuvlar, umuman, tashqi yozuvlarda “Davlat tili haqida”gi qonun talablaridga rioya qilmaslik, so‘z va atamalarni xato yozish odat tusiga qirib qolmoqda. Baʼzan ishlab chiqarish korxonalari, birlashmalari, uyushmalari, muassasalari, jamoat tashkilotlari va xizmat ko‘rsatish idoralarida davlat tilida ish yuritish, hisob-kitob, statistika va moliyaviy hujjatlar yuritilishida o‘zbek tiliga amal qilmaslik holatlarining mavjudligi keng omma tomonidan tanqid qilinadi. Tanqid va eʼtirozlar to‘g‘ri, albatta. Lekin, bu chetdan kirib kelayotgan zamonaviy so‘z, tushuncha va atamalarning o‘zbekcha muqobili yo‘qligi yoki aynan o‘sha maʼnoni bermasligi bilan ham izohlanishi mumkin.

Bugun yer yuzida kechayotgan globallashuv sharoitida davlat tilini rivojlantirib, uni ilmiy asosda yana-da boyitib borish, uning bugungi holati va kelajak istiqboli bilan bog‘liq masalalarni kengroq tahlil etish, shu maqsadda ilmiy-amaliy tadqiqot ishlarini astoydil kuchaytirish, nafaqat til sohasiga oid, balki boshqa soha va yo‘nalishlarda ham mutaxassislarni tayyorlashda til o‘rganish masalalariga alohida eʼtirob qaratish hamisha dolzarb vazifalarimizdan bo‘lib qolishi lozim. Ana shunda davlat tili hisoblangan ona tilimizning sofligi saqlanadi, lug‘at boyligi oshadi, asrlar osha barqaror abadiyligi va barhayotliligi taʼminlanadi.

Vaholanki, millat maʼnaviyati milliy tilga bo‘lgan munosabat va eʼtiborda ko‘proq namoyon bo‘ladi. Aynan ona tili insonning maʼnaviyatini boyitishga, madaniyatini saqlashga, uni avloddan avlodga yetkazilishiga xizmat qiladi. Mubolag‘asiz, har birimizning vujudimizga jamiki ezgu niyatlar onamiz ohanrabo allasi, onamiz tilining jozibali sehri, qaynoq mehri bilan to‘yintirilgan. Ona tilimizga bo‘lgan hurmat ruhini millatning har bir fuqarosi o‘z oilasidagi farzandlari shuuriga singdirsa, tilimizni sevguchi, qadrlovchi, asraguvchi kelajak avlodni voyaga yetkazgan bo‘ladi. Urf-odat, anʼana va ezgu qadriyatlarni millatning vatanparvarlari qadrlaydi, Ona tili ulug‘ qadriyat hisoblanib, uni kelajak istiqbolda vatanparvar o‘g‘il-qizlar yuksaltiradi. Ona tilimiz milliy maʼnaviyatimizning bitmas-tuganmas bulog‘i bo‘lgani holda, unga munosib hurmat va ehtirom ko‘rsatish barchamizning nafaqat vazifamiz, balki muqaddas insoniy burchimiz bo‘lib qoladi.

O‘zbekiston taraqqiyotining bugungi yangi bosqichi – milliy yuksalish davri talablaridan kelib chiqib, ona tilimizning jamiyatdagi o‘rni va nufuzini oshirish bo‘yicha respublikamiz hukumati tomonidan keng ko‘lamdagi ishlar amalga oshirilmoqda. Xususan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 21-oktyabrdagi “O‘zbek tilining davlat tili sifatidagi nufuzi va mavqeini tubdan oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” PF-5850-son Farmoni ko‘ra, 21-oktyabr sanasi mamlakatimizda «O‘zbek tili bayrami kuni» deb belgilandi. Bu o‘z Vatanini, Ona tilini, millatini sevgan har bir inson uchun haqiqiy bayram bo‘ldi.

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 12-dekabrdagi 984-son qarori bilan o‘zbek tilining kelgusi rivojiga oid ko‘plab masalalar qatorida davlat tili to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga so‘zsiz rioya etilishini, sohaga oid muammolarni tahlil etib, bu borada yagona davlat siyosati amalga oshirilishini taʼminlash maqsadida Vazirlar Mahkamasining Davlat tilini rivojlantirish departamenti tashkil etildi. Ilmiy asoslangan yangi so‘z va atamalarni rasmiy isteʼmolga kiritish borasidagi ishlarni tartibga soladigan Atamalar komissiyasi o‘z ishini boshlamoqda.

Shu bilan birga, joriy yilning 20-yanvar kuni boshlangan xayrli ishlarning uzviy davomi sifatida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining «Mamlakatda davlat tilida ish yuritishni samarali tashkil qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi 34-son qarori qabul qilindi. Mazkur qarorga binoan, davlat boshqaruvi organlari, xo‘jalik birlashmalari hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar kengashi, viloyatlar va Toshkent shahri, tuman va shahar hokimliklari tuzilmalarida, rahbarning maʼnaviy-maʼrifiy ishlar samaradorligini oshirish, davlat tili to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga rioya etilishini taʼminlash masalalari bo‘yicha maslahatchi lavozimi joriy qilindi.

Hukumatimiz rahbariyatining bu kabi saʼy-harakatlarning barchasida eng avvalo yurtdoshlarimiz fikri asosiy mezon sifatida qaralib, barcha muhim ijtimoiy-iqtisodiy, maʼnaviy-maʼrifiy qarorlar ziyrak va ulug‘vor xalqmiz bilan bamaslahat qabul qilinayotgani fuqarolarda ijtimoiy faollik hissini kuchaytirmoqda.

Joriy yilning 10-aprel kuni davlatimiz rahbari «O‘zbek tili bayrami kunini belgilash to‘g‘risida»gi Qonunga imzo chekdi. «O‘zbek tili bayrami kunini belgilash to‘g‘risida»gi Qonun kabul qilinishi buyuk adibimiz Abdulla Qodiriyning tavallud kuniga to‘g‘ri keldi. Unga ko‘ra, ushbu bayram har yili 21-oktyabrda, o‘zbek tiliga davlat tili maqomi berilgan tarixiy kunda nishonlanadigan bo‘ldi.

Endilikda O‘zbek tili bayrami kuni ko‘plab milliy bayramlarmiz kabi shukuhli, zalvorli, nodir va jonbaxsh, millatning, xalqning va davlatning qonuniy bayramiga aylandi. O‘zbekistonning barcha maʼmuriy-hududiy birliklarida bayramni keng ko‘lamda, tantanali nishonlanishi qatʼiy belgilab qo‘yildi. Buni ona tilimizning chinakam bayrami, davlatchilik anʼanalarimizning yuksak tarannumi desak o‘rinli bo‘ladi. Tom maʼnoda, davlat tiliga Hukumat darajasidagi mazkur eʼtibor tilimizga qayta hayot baxsh etishiga, ravnaqiga, gullab-yashnashiga va yuksalishiga xizmat qilishiga hech qanday shak-shubha yo‘q. Shuni alohida taʼkidlash lozimki, o‘tmish tariximizda ona tilini davlat miqyosida tantana qilish va uni qonun bilan belgilash ilk bor ro‘y berayotgan tarixiy ahamiyatga ega hodisadir.

Axir, o‘z tarixi, o‘tmishi, latofati, jozibasi, malohati nuqtai nazaridan jahon tillari bilan bemalol bellasha oladigan ona tilimizning ham alohida bayramga ega bo‘lishini yurtimizdagi millionlab insonlar ko‘p yillardan beri kutib kelayotgan edilar. Zero, yurtdoshlarimiz milliy urf-odatlarimiz bilan bog‘liq bayramlarni (“Navro‘z”, “Iyd-al-Fitr”, “Iyd-al-Adxa”) har doim katta xursandchilik, oilaviy birdamlik bilan qarshi olishadi. Bunday shodiyona kunlarda ular o‘z oilalari, qarindosh-urug‘, yoru-birodarlari davrasida bayramona tadbirlarni o‘tkazishadi. Yiliga bir marta o‘tkaziladigan mazkur bayramlar intiqlik bilan kutiladi, hattoki unga tayyorgarlik ko‘rish ishlari olib boriladi, shu sababli bu kabi bayramlarni milliy anʼanaga aylangan desak mubolag‘a bo‘lmaydi. O‘zbek tilini ham milliy qadriyat sifatida ulug‘lash uchun xalqimizga bu Qonun juda zarur edi.

Endi o‘zbek tili 34 millionlik xalqimiz, hatto butun dunyo bo‘ylab istiqomat qilayotgan o‘zbek millati vakillari, xususan, Afg‘onistondagi 2,7 million, Tojikistondagi 1,2 million, Qirg‘izistondagi 796 ming, Turkmanistondagi 500 ming, Qozog‘istondagi 493 ming, Rossiyadagi 300 ming, Pokistondagi 70 ming, AQSHdagi 60 ming, Turkiyadagi 50 ming, Saudiya Arabistonidagi 50 ming, Ukrainadagi 12 ming, Xitoy Xalq Respublikasidagi 12 ming, Belorussiyadagi 1,6 mingga yaqin o‘zbeklar tomonidan ham qizg‘in bayram qilinadi.

Darhaqiqat, o‘zbek tilining o‘z kuni, o‘z bayramiga ega bo‘lishi juda quvonarli hodisa. Mutaxassislar tomonidan taqdim etilgan maʼlumotga ko‘ra turli mamlakatlarda ularning tili davlat tili deb eʼlon qilingan kun sifatida bayram qilandi, xususan 20-aprel – xitoy, 23-aprel – ispan, 15-may – fors, 6-iyun – rus, 1-avgust – ozarbayjon, 31-avgust – moldovan, 26-sentyabr – turk, 9-dekabr – italyan, 18-dekabr – arab tili kuni sifatida nishonlanadi. Bular qatoriga 21-oktyabr – o‘zbek tili kunining bayram qilinishini qo‘shilishi o‘zini o‘zbek millati va xalqining vakili deb bilgan yurtdoshlarimiz qalbida cheksiz g‘urur va iftixor tuyg‘ularini uyg‘otadi.

Bundan buyon, mamlakatimizda o‘zbek tili nufuzi va obro‘sini yana-da oshirish, ona tilimizga, urf-odat va qadriyatlarimizga hurmat, Vatanga mehrimizni amaliy faoliyatda namoyon etish maqsadida kelgusida davlat tilida ish yuritishni samarali tashkil qilish hamda davlat tili to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga so‘zsiz rioya etilishini taʼminlash borasida o‘zimiz uchun muhim bo‘lgan yo‘nalishlarni belgilab olib, ularning ijrosini rejali tarzda taʼminlash bo‘yicha kerakli barcha choralarni ko‘rib borishimiz talab etiladi.

Zero, O‘zbekiston zaminida yashayotgan har bir fuqaroning zimmasida davlatimiz Prezidenti muhtaram Sh.M. Mirziyoyev taʼkidlaganlaridek, davlat tiliga bo‘lgan eʼtiborni mustaqillikka bo‘lgan eʼtibor deb, davlat tiliga ehtirom va sadoqatni ona Vatanga ehtirom va sadoqat deb bilish, shunday qarashni hayot qoidasiga aylantirishdek sharafli masʼuliyat yotadi.

Davlatmiz rahbari tomonidan yangilanishlar shiddati va ulug‘vor maqsadlarga shaylanish jarayonlari aro maʼnaviyatimiz, maʼrifatimiz qon tomiri bo‘lmish ona tilimizni eʼzozlab, “O‘zbek tili bayrami kuni” deb eʼlon qilinishi tarixiy shodiyonadir. Shu munosabat bilan ushbu bayram butun O‘zbekiston xalqiga, o‘zbek millatiga, yer yuzida o‘zbek tilida so‘zlashuvchi insonlarga va dunyoning turli o‘lkalaridagi vatandoshlarimizga ham muborak bo‘lsin deymiz. Matonatli, shijoatli, sabr-toqatli, mehnatsevar, mehri daryo, ziyrak va ulug‘ xalqimiz hamda millatimiz, ona tilimiz, davlatimiz toabad mangu ravnaq topaversin!

Qahramon Kamolov. Mudofaa sanoati bo‘yicha davlat qo‘mitasi raisining maslahatchisi.