QR ko'd:
Ijtimoiy tarmoqlar ulashish
“Davlat tilida ish yuritish” kitobining yangi nashri chop etildi
12.09.2020y.


“O‘zbekiston nashriyoti” davlat unitar korxonasida nashr qilingan ushbu kitob – 4 bob, 528 sahifadan iboratdir. 3 ming nusxada chop etilgan qo‘llanma tashkiliy hujjatlar, farmoyish hujjatlari, maʼlumot-axborot hujjatlari va xizmat yozishmalari boblaridan iborat.

Qo‘llanma ilk marotaba “O‘zbek tilida ish yuritish” nomi bilan sobii sho‘ro davrida, o‘zbek tiliga davlat tili maqomi berilgan ilk davrlarning salmoqli nishonasi sifatida 1990 yilda chop etilgan edi. Undan so‘ng tuzum, siyosat, tarix o‘zgardi va ish yuritish hujjatlari bu o‘zgarishlarni o‘zida bilvosita (jumlalar, qoliplar, atamalar, nomlar va h.k orqali) muhrlab boraverdi.

Bugun Davlat tilini rivojlantirish departamenti, Fanlar Akademiyasining O‘zbek tili va adabiyoti instituti tomonidan o‘zbek tiliga davlat maqomi berilganiga 30 yildan ko‘proq vaqt o‘tgach ishlab chiqilgan “Davlat tilida ish yuritish” qo‘llanmasining to‘ldirilgan va tuzatilgan 9-nashri ham ayni kunlarimizning tarixga muhri bo‘lib qoladi, albatta. Chunki bu nashrda yana-da ko‘proq hujjatlar, atamalar, jumlalar, umuman ish yuritish tili va tafakkuri yangilanganini ko‘rish mumkin.


Qo‘llanmada tashkilot va muassasalarning ish yuritish faoliyatida eng ko‘p qo‘llanadigan hujjatlar, ularni tuzish tartib-qoidalariga alohida eʼtibor qaratilgan. Ish yuritishga oid lug‘at berilgan.

Qo‘llanma, avvalo, tashkilotlar rahbari va xodimlariga, boshqaruv faoliyatida bevosita hujjat ustida ishlovchilar, kotib-referentlar, kadr xizmati xodimlariga mo‘ljallangan. Undan hisobchilar, adliya maslahatchilari, auditor, menejerlar ham foydalanishi mumkin.

Qahramon Kamolov, qo‘mita raisining maslahatchisi.