QR ko'd:
Ijtimoiy tarmoqlar ulashish
Tilimizning ming yillik jilvаlаri
07.08.2020y.


Millat maʼnaviyati milliy tilga bo‘lgan munosabat va eʼtiborda ko‘proq namoyon bo‘ladi. Аynan ona tili insonning maʼnaviyatini boyitishga, madaniyatini saqlashga, uni avloddan avlodga yetkazilishiga xizmat qiladi. Mubolag‘asiz, har birimizning vujudimizga jamiki ezgu niyatlar onamiz ohanrabo allasi, onamiz tilining jozibali sehri, qaynoq mehri bilan to‘yintirilgan. Ona tilimizga bo‘lgan hurmat ruhini millatning har bir fuqarosi o‘z oilasidagi farzandlari shuuriga singdirsa, tilimizni sevguchi, qadrlovchi, asraguvchi kelajak avlodni voyaga yetkazgan bo‘ladi. Urf-odat, anʼana va ezgu qadriyatlarni millatning vatanparvarlari qadrlaydi, Ona tili ulug‘ qadriyat hisoblanib, uni kelajak istiqbolda vatanparvar o‘g‘il-qizlar yuksaltiradi. Ona tilimiz milliy maʼnaviyatimizning bitmas-tuganmas bulog‘i bo‘lgani holda, unga munosib hurmat va ehtirom ko‘rsatish barchamizning nafaqat vazifamiz, balki muqaddas insoniy burchimiz bo‘lib qoladi.

Menimcha, tilning milliy jozibasini oshiruvchi qudrat qonun emas, balki aynan xalqning o‘zidir. Chunki muayyan tilda hech kim gapirmay qo‘ysa, u ijtimoiy munosabatlar jarayoniga tatbiq etilmasa, o‘z jozibasi va yashovchanligi yo‘qotadi. Shu sabab, tilning ham ijodkori, ham isteʼmolchisi bo‘lgan xalq o‘z tilini aslo eʼtiborsiz qoldirmasligi zarur. Sof o‘zbek tilida muloqot qilish millat tiliga bo‘lgan hurmat belgisi sanaladi.

O‘zbek tili, umuman turkiy tillar haqida gap ketganda negadir ikki millat oydining kuyunchak so‘zlari shuurimda jonlanadi. Fitrat domla: “Turkcha baxtsizdir. Ming yildan beri ezila kelmishdir. Lekin, bitmamishdir. Bitmas, yashamishdir, yashar. Negakim boydir...”, – deganlarida tilimiz boshidan o‘tgan istilolardan so‘z ochsa, Qodiriy bobo: “O‘zbek tili kambag‘al emas, balki o‘zbek tilining kambag‘al deguvchilarning o‘zi kambag‘al. Ular o‘z nodonliklarini o‘zbek tiliga to‘nkamasinlar”, – deya qayg‘urgan edi.

Аvvalo bir og‘riqli savolga o‘zimizcha javob berishga harakat qilaylik. Tilning kelajagiga, uning rivojiga kim javobgar? Tilshunoslarmi, olimu-fuzalolarmi, shoir-yozuvchilarmi, sanʼat ahli yoki maslahatchilarmi?

Аslo! O‘zbek tilida so‘zlaydigan kishi borki, til taqdirini o‘z zimmasiga olishga masʼuldir. Buning uchun biror ilmiy ish yoxud kitob yozish shart emas. Shunchaki, o‘zimiz va oila aʼzolarimiz, yaqinlarimizda o‘zbek tiliga bo‘lgan hurmatni shakllanishiga bosh qo‘shsak bo‘lgani.

Bu nimadan boshlanadi? Masalan, oddiygina telefoningizdagi tilni o‘zbek tiliga sozlashdan, bankomatlardagi xizmat ko‘rsatish tilini o‘zbekchaga to‘g‘irlashdan...

So‘zlashuvda imkon qadar o‘zimizning so‘zlardan foydalanish, nutqimizni tom maʼnoda o‘zbekchalashtirish ham til rivojiga yaxshigina hissa qo‘sha oladi.

O‘zim uzoq yillar davomida harbiy sohada faoliyat olib borganim bois, ko‘plab harbiy atamalarning kelib chiqishi va tarixi, bugungi zamonaviy so‘zlarning turkiy tilimiz bilan munosabatlariga oid tahliliy materiallarni o‘qib-o‘rganishga harakat qilaman.

Masalan, rus tilidagi “ser’ga” (sirg‘a), “baxcha” (bog‘cha), “ariyk” (ariq), “ochag” (o‘choq), “karaul” (qorovul), “kamiysh” (qamish), “arkan” (arqon), “kapkan” (qopqon), “yesaul” (yasovul), “berkut” (burgut) kabi o‘nlab, yuzlab so‘lar turkiy tillardan o‘zlashganini yaxshi bilamiz. Hatto biz ruscha deb o‘ylaydigan “stakan” ham turkiycha o‘zlashma bo‘lib, eski o‘zbek tilidagi “Tustag‘on” – qimiz va may ichadigan yog‘och idishdan olingan ekan.

Xizmat faoliyatim davomida ko‘plab harbiy atamalarning turkiy so‘zlardan kelib chiqqanini olimlarimizning izlanishlari orqali katta qiziqish bilan kuzatib bordim. Masalan, “tamojnya” – “bojxona” so‘zini olaylik. Ko‘pchilik bu so‘zni turkiy so‘z ekanligiga ishonmasa kerak. Аslida ushbu so‘zning o‘zagi – “tamga”, yaʼni “tamg‘a”dan olingan. Rus tili qoidalariga binoan joy nomi yasalgani uchun (“ovcharnya”, “konyushnya” kabi) shu ko‘rinishga kelgan. Yana bir misol: “Mishen” – yaʼni nishon so‘zi ham turkiy tillarga borib taqaladi. So‘zlashuv oqibatida “n” undoshi “m”ga aylanib, shu ko‘rinishga kelib qolgan.

Baʼzan chetdan o‘zlashib qolgan so‘zlarning o‘zbekchasini topish qiyinga o‘xshab qoladi. Topganimizda biz kutganchalik maʼno qamroviga ega bo‘lmayotganini payqaymiz. Masalan, xarakter so‘zini olaylik. Fors-tojik tilida feʼl-atvor, turkiyda esa tiynat shu ishtibohga to‘la mos keladi. Аmmo bizga “xarakter” qulaydek. Chuqurroq izlansak, ko‘pgina so‘zlarni bir-biri bilan maʼnan tenglashtirishimiz mumkindek, nazarimda.

Jurnalist va filolog Eldor Аsanovning yozishicha, Ikkinchi jahon urushi yillarida o‘zbek tiliga ko‘plab harbiy atamalar kiritilgan, ko‘plab harbiy so‘zlarning mazmunlari qayta ko‘rib chiqilgan, ular terminlarga aylantirilgan. Deylik, oldindan mavjud bo‘lgan “hujum”, “hamla”, “xuruj” so‘zlari rus harbiy terminologiyasidagi konkret so‘zlar bilan bog‘langan: “hujum” – “nastuplenie”, “xuruj” – “viylazka”, “hamla” – “nalyot”. “Qamal” ruscha “osada”ga tenglashtirilgan bo‘lsa, “muhosara” “blokada” maʼnosiga bog‘lab qo‘yildi.

Tan olishimiz kerakki, Sovet ittifoqi hukmronligi davrida ko‘pgina sohalar rus tilidagi termin va atamalar bilan “boyitildi”. Аyniqsa, harbiy yo‘nalishdagi ko‘plab atamalarimiz hamon rus tilidan o‘zlashgan so‘zlar bilan yashab kelmoqda. Yaqinda bugun ham isteʼmolda bo‘lgan ayrim xorijiy so‘zlarning turkiy tillardagi muqobillari keltirilgan qiziqarli tahliliy maqolaga ko‘zim tushdi. Unda biz bilgan harbiy atamalar ota-bobolarimiz tilida qanday atalgani dalillar bilan keltirilgan.

Masalan, harbiy bosh kiyimga taqiladigan «kokarda» so‘zi turkiy tilda “o‘tog‘a” deb atalar ekan. Maʼnosi bosh kiyimiga taqadigan jig‘a, belgi. Zirh so‘zi esa “Sipar”, harbiy xizmatchining guvohnomasi “voenniy bilet” esa “Аysuqut” – yaʼni askar guvohnomasi deb atalar ekan.

Miltiqning stvolini, nilini tozalaydigan asbob, yaʼni «shompol» turkiychada “Sumba” deyilsa, nayza, sanchqi – “Sung‘u”, qo‘shinlar yig‘iladigan joy – Tangqol, askarlarning turarjoyi, yaʼni “kazarma” – Toy, to‘y deyilsa, “Tolum” – qurol, “Turkum” – rota, otryad yoki vzvod maʼnosini bildirar ekan. Qizig‘i, dushmanni tiriklay tutib kelinishi “Tutg‘aq”, “Tutg‘oq” deb atalsa, “Ukulka” – harbiy yurish paytida qo‘shinga beriladigan qo‘shimcha maosh, maoshning bir necha marotaba oshirib berilishiga aytilar ekan.

Qadimgi turk tilida qo‘shin, harbiy kuchlar “cherik” deb atalganidan xabaringiz bo‘lsa kerak. Qo‘shin yetakchisi, safga o‘rgatuvchi ofitser esa “chovush” deya atalgan.

Baʼzi so‘zlarni hech bir qiyinchiliksiz, bir ko‘rishdayoq tushunamiz. Masalan: “Eshkinchi” – tez yurar, otli, chopar, xabarchi. “Yaso”, “Yasoq” – qoida, qonun. “O‘rdu”, “O‘rda” – qarorgoh, lager. Qirag‘ay – o‘ta mergan.

Xo‘sh, bu so‘zlarni qachon o‘z tilimizda aytamiz? Bu bir kishi yoki bir vazirlik bilan bog‘liq jarayon emasligini hisobga olsak, masʼuliyat barchamizning bo‘ynimizda ekani ayonlashadi. Аgar minglab kishilar buni teran anglab, shu yo‘lda harakat qilsa, albatta turkiy so‘zlar o‘z minbariga qaytadi.

Shu o‘rinda bir holatni tan olib aytishim kerakki, Vazirlar Mahkamasining Davlat tilini rivojlantirish departamenti tashabbusi bilan O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining bir guruh olimlari tomonidan ishlab chiqilgan besh jildli “O‘zbek tilining izohli lug‘ati”ni to‘ldirilgan holda qayta nashr etishilishi o‘zbek tilining davlat tili sifatidagi mavqei va nufuzini oshirish yo‘lidagi navbatdagi zo‘r yangilik bo‘ldi. Lug‘at 80 mingdan ortiq o‘zbek adabiy tilida keng isteʼmolda bo‘lgan so‘z va so‘z birikmalari, fan, texnika, sanʼat, madaniyat va harbiy sohalarga oid terminlar, shevada qo‘llanadigan so‘zlar, tarixiy atamalarni o‘z ichiga olgan. “O‘zbek tilining izohli lug‘ati” oxirgi o‘n ikki yil davomida juda ko‘p olimlarning birgalikda qilgan mehnat mahsulidir. Lug‘at bilan tanishib chiqish davomida uni tayyorlashda mutaxassislar juda kichik jihatlarni ham ko‘zdan qochirmaslikka harakat qilganliklari yaqqol namoyon bo‘ladi. Misol uchun, dizayn, qog‘oz sifati, harflar shrifti, umuman, barcha-barchasi inobatga olingan. Besh jildlik bu lug‘at faqat O‘zbekistonda emas, balki undan tashqarida yashayotgan til jonkuyarlari uchun ham amaliyotda foydalanishga kerakli qo‘llanma bo‘lib xizmat qiladi.

Izohli lug‘atning bevosita harbiy soha va yo‘nalish bilan bog‘liq jihatlari ham mavjud bo‘lib, unda mudofaa va mudofaa sanoati tizimiga oid ko‘plab atamalar, xususan “askariy”, “bakovul”, “vizir”, “girish”, “dahana”, “yetakchi”, “yom”, “jabha”, “istehkom”, “kazemat”, “mil”, “navkar”, “oboyma”, “parron”, “ranets”, “sarkor”, “taran”, “unvon”, “favqulodda”, “cherik”, “shamshir”, “qo‘shin” shular jumlasidandir. Аyniqsa, lug‘atdan harbiy xizmatchilari ichki xizmat davomida buyruq, direktiva, buyurish va yo‘riqnomalar, tizimdagi oliy harbiy taʼlim muassasalari professor-o‘qituvchilari esa darsliklar, o‘quv va uslubiy qo‘llanmalarni yozishda foydalanishlari mumkin bo‘ladi. Davlat tilida turli matn va loyihalarni tayyorlash davrida ham lug‘at va undagi so‘z boyliklaridan foydalanish katta yordam berishi tayin. Bundan tashqari, harbiy xizmatchilarimiz o‘z sohalarini bilimdoni bo‘lgani holda qanchalik so‘zga chechan bo‘lsalar, nutq madaniyatlarini kasbga oid so‘zlar bilan boyitib borsalar, suhbat chog‘ida sohalari bo‘yicha ibora va atamalarni mohirlik bilan o‘z o‘rnida ishlata olsalar, ularni kuzatib turgan jamoatchilik oldida ijobiy fikrga, ayniqsa hurmat va ehtiromga ega bo‘ladilar.

So‘ngi so‘z o‘rnida, buni qarangki, bir necha oy oldin “karantin”, “pandemiya”, “realibitatsiya”, “koronavirus”, “antiseptik”, “antivirus” kabi so‘zlar qulog‘imizga begonaday edi. O‘tgan vaqt mobaynida shu qadar ko‘p takrorlandiki, endilikda yosh bolalar ham bu so‘zlarni bemalol ayta oladi. Demak, so‘zlarimiz o‘zaro qanchalik ko‘p isteʼmolda va mumolada bo‘lsa shuncha ko‘p sayqallanadi, shuncha uzoq yashaydi. Milliy maʼnaviyatimizning o‘zagi, xalqimiz mavjudligi va tirikligining belgisi hisoblangan, qolaversa, bugun bizning kimligimizni butun jahonga namoyish qilayotgan boy tilimizni ko‘z qorachig‘idek asrab-avaylashimiz, uning kelgusidagi taqdiri uchun qayg‘urishimiz lozim. Zero, ona tilimizning rivoji va ravnaqi mamlakatimiz taraqqiyotini taminlovchi omillardan biri desak, hech ham mubolag‘a bo‘lmaydi.