QR ko'd:
Ijtimoiy tarmoqlar ulashish
Milliy mudofaa sanoatining yangi bosqichi va istiqboldagi vazifalar
11.09.2020y.

Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasi tomonidan mudofaa sanoati kompleksi korxonalarining faoliyatini rivojlantirish va ishlab chiqarish tizimiga zamonaviy texnologiyalarni joriy etish borasida amalga oshirilgan ishlar hamda istiqbolli rejalar yuzasidan qo‘mita eshituvi o‘tkazildi.


Unda Harakatlar strategiyasini “Ilm, maʼrifat va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish yili”da amalga oshirishga oid Davlat dasturida belgilangan mudofaa sanoatini isloh qilish va rivojlantirish yuzasidan Mudofaa sanoati davlat qo‘mitasi raisining axboroti tinglandi.

Deputatlar, Mudofaa sanoati davlat qo‘mitasining mutasaddi rahbarlari, Vazirlar Mahkamasi hamda Mudofaa vazirligi vakillari ishtirok etgan tadbir Qurolli Kuchlarimizni zamonaviy qurol-aslaha, harbiy va maxsus texnika hamda boshqa mahsulotlarga bo‘lgan ehtiyojlarini to‘liq taʼminlash, mahalliy ishlab chiqarish korxonalari faoliyatini takomillashtirish, ishlab chiqarilayotgan harbiy va ikki maqsadli mahsulot turlari va nomenklaturasini ko‘paytirish, harbiy mahsulotlar ishlab chiqaruvchi korxonalarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida tashkil etildi. Soha mahsulotlarining tannarxini tushirish va ularning eksportbopligining oshirilishi ustidan taʼsirchan va samarali paralament nazoratini amalga oshirish, mudofaa sanoatini isloh qilish va rivojlantirishning huquqiy asoslarini yaratish hamda tizimdagi muammolarning yechimi yuzasidan aniq takliflar ishlab chiqish masalalari ham diqqat eʼtiborda bo‘ldi.

Taʼkidlanganidek, davlatimiz rahbari tomonidan tasdiqlangan Harakatlar strategiyasi hamda Mudofaa doktrinasining ustuvor yo‘nalishlaridan biri — milliy mudofaa sanoati kompleksini rivojlantirish bo‘yicha keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilmoqda.

Axborotda mudofaa tizimini isloh qilish va rivojlantirish bo‘yicha ustuvor vazifalar samarali amalga oshirilayotganiga, mudofaa salohiyatini yana-da mustahkamlash maqsadida 2020 – 2025 yillarda O‘zbekiston Respublikasi mudofaa sanoatini yana-da rivojlantirishga qaratilgan amaliy harakatlar rejasi ishlab chiqilayotganiga alohida ahamiyat qaratildi.

Shu bilan birga, Mudofaa doktrinasi hamda Davlat dasturida belgilab berilgan vazifalarning ijrosini o‘z vaqtida taʼminlashda bir qator o‘z yechimini kutayotgan tizimli masala va muammolar mavjudligi ham taʼkidlandi.

Tadbir davomida Qo‘mitaning moliya-xo‘jalik faoliyati yuzasidan o‘tkazilgan o‘rganish natijalari tanqidiy tahlil qilindi.

Yakunda mudofaa sanoatini isloh qilish va rivojlantirishning huquqiy asoslarini takomillashtirish hamda sohadagi mavjud muammolarni bartaraf etish, shuningdek, amalga oshirilayotgan ishlar ustidan taʼsirchan va samarali parlament nazoratini amalga oshirish yuzasidan Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasining tegishli qarori qabul qilindi.

Manba: O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi