QR ko'd:
Ijtimoiy tarmoqlar ulashish
“Oʼzbek tili bayrami kuni”ga bagʼishlagan tadbir
21.10.2020y.

2020 yilning 20 oktyabr kuni Oʼzbekiston Respublikasi Mudofaa sanoati davlat qoʼmitasida “Oʼzbek tili bayrami kuni”ga bagʼishlangan tadbir oʼtkazildi.


Tadbirda Qoʼmita raisi Oybek Ismoilov qoʼmita ijro apparati barcha xodimlarini bayram bilan samimiy qutlab, oʼzbek tilining davlat tili sifatidagi nufuzi va mavqeini oshirish borasida davlatimiz hukumati tomonidan amalga oshirilayotgan islohotlar hamda yil davomida Mudofaa sanoati davlat qoʼmitasi tizimida mazkur yoʼnalishda amalga oshirilgan ishlarga batafsil toʼxtalib, kelgusida sohada amalga oshirilishi lozim boʼlgan manzilli ishlar toʼgʼrisidagi fikrlarini bayon etdi.


Qoʼmita raisining maslahatchisi Qahramon Kamolov tadbir ishtirokchilariga 2020 yil boshidan oktyabr oyiga qadar Vazirlar Mahkamasining Davlat tilini rivojlantirish departamenti bilan hamkorlikda Qoʼmita tizimida oʼzbek tilini tom maʼnoda davlat tili sifatidagi mavqeini yuksaltirish yoʼlida olib borilgan, borilayotgan va amalga oshirilishi rejalashtirilayotgan ishlar toʼgʼrisida qoʼshimcha qiziqarli maʼlumotlarni taqdim etdi.


Qoʼmita mutasaddi masʼul xodimlari Seyfulla Musaev, Qahramon Ermatov va Kamola Ubaydullaevalar ham tadbir davomida soʼzga chiqib, dunyodagi qadimiy va boy tillardan biri boʼlgan oʼzbek tili xalqimiz uchun milliy oʼzligimiz va mustaqil davlatchiligimiz timsoli, bebaho maʼnaviy boyligi, buyuk qadriyatimiz ekanligi, hozirgi kunda oʼzbek tili davlat tili sifatida siyosiy-huquqiy, iqtisodiy-ijtimoiy, maʼnaviy-maʼrifiy hayotimizda faol qoʼllanilayotganligi, xalqaro minbarlardan baralla yangrayotganligi, bugungi kunda xalqaro maydonda obroʼ-eʼtibori tobora yuksalib borayotgan Oʼzbekistonimizni dunyoga tarannum etishda ona tilimiz ham katta hissa qoʼshib kelayotganligini eʼtirof etib oʼtdilar.


Q. Ermatov va K. Ubaydullaevalar tomonidan ona tilimizni madh etuvchi mavzuda oʼqigan sheʼrlari tadbir ishtirokchilarida katta taassurot qoldirdi.

Tadbir yakunida tizimda davlat tilida ish yuritish va oʼzbek tilini davlat tili sifatidagi nufuzini oshirish borasida jonbozlik koʼrsatib faoliyat qilayotgan bir guruh xodimlar Qoʼmita raisi tomonidan qimmatbaho sovgʼalar bilan taqdirlandilar. Yana bir necha harbiy xizmatchilarga “Oʼzbek tili bayrami kuni” arafasida navbatdagi harbiy unvonlar taqdim etildi.


Qoʼmita va uning tasarrufidagi barcha tashkilotlarda bayram tadbirlari davom etmoqda.

Mudofaa sanoati bo‘yicha davlat qo‘mitasi inspeksiyasi.