QR ko'd:
Ijtimoiy tarmoqlar ulashish
"Chirchiq aviatsiya taʼmirlash zavodi" davlat korxonasida davlat tilida ish yuritish bo'yicha o'rganishlar o'tkazildi
08.07.2020y.

O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020 yil 20 yanvardagi 34-son qarori talablari asosida joriy yilning 7-8 iyul kunlari Mudofaa sanoati bo'yicha davlat qo'mitasi raisining maʼnaviy-maʼrifiy ishlar samaradorligini oshirish, davlat tili to'g'risidagi qonun hujjatlariga rioya etilishini taʼminlash ishlari bo'yicha maslahatchisi Qahramon Kamolov tomonidan Mudofaa sanoati kompleksi tizimidagi "Chirchiq aviatsiya taʼmirlash zavodi" davlat korxonasida davlat tilida ish yuritish borasida hukumatimiz tomonidan qo'yilayotgan barcha talab va qoidalar ijrosini taʼminlash borasidagi amalga oshirilayotgan ishlar holati o'rganib chiqildi.

Chirchiq aviatsiya taʼmirlash zavodi 1944 yil may oyida anʼanaviy ravishda aviasozlik ustaxonalari negizida tashkil etilgan. Ilgari zavodning asosiy faoliyati samolyotlarni taʼmirlash va ularga texnik xizmat koʼrsatish edi. Hozirgi kunda korxonaning ishlab chiqarish ustaxonalari holati tubdan takomillashtirildi. Korxona samolyot ishlab chiqarishda dunyo yetakchilarining zamonaviy talablariga javob beradi va zarur yuqori texnologik uskunalar bilan jihozlangan.


Korxonaning asosiy faoliyat turi vertolyotlar va ularning modifikatsiyasini, samolyotlarini kapital taʼmirlash, shuningdek ularni modernizatsiya qilishdan iborat hisoblanadi. Korxona 2020 yilning boshlarida yangitdan tashkil etilgan va bunyod etilgan hududga ko‘chirib o‘tkazilgan. Korxona rahbariyati tomonidan korxona hududi, ishlab chiqarish sexlari, xizmat ko‘rsatuvchi va maʼmuriy bo‘limlarni jihozlash, joylardagi tashqi yozuv va axborot beruvchi matnlarni davlat tilida rasmiylashtirish bilan bog‘liq bir qator samarali ishlar amalga oshirilgan.



Shu bilan birga, korxonada amalga oshirilayotgan ijobiy ishlar bilan bir qatorda hali bajarilishi zarur bo‘lgan bir qator vazifalar borligi aniqlanib, ularni bartaraf qilish bo‘yicha korxona rahbariyatiga tegishli topshiriq va bajarish uchun ijro muddatlari belgilab berildi. Xususan, ishlab chiqarish ustaxonalariga o‘rnatilgan dastgohlaridan foydalanish davrida amal qilinishi lozim bo‘lgan texnika xavfsizlik qoidalari aks ettirilgan yo‘riqnomalar, taktik-texnik tavsiflar yoritilgan qo‘llanmalar va boshqa axborot beruvchi matnlarni davlat tilida, shuningdek korxona ustaxonalaridagi ishchi mutaxassislarning asosiy qismini boshqa millat vakillari tashkil etgani sababli zaruriyatiga qarab matnlarni rus tilida rasmiylashtirish zarurligi tushuntirildi.


Bundan tashqari, korxonadagi ayrim ish yuritish hujjatlarining to‘liq davlat tilida bo‘lishi talab darajasida emasligi, ularning loyihasini ishlab chiqish, tayyorlash va rasmiylashtirishda xatolarga yo‘l qo‘yilayotganligi kuzatildi. Shu sabab, korxonada davlat tilida ish yuritish uchun masʼul bo‘lgan barcha xodimlar bilan amaliy trening mashg‘ulot tashkil etilib, unda asosan korxona xizmatchilari tomonidan tayyorlanadigan tashkiliy, farmoyish, maʼlumot-axborot, namunali, xizmat va tashkiliy hujjatlarni hamda xizmat yozishmalarini davlat tilida tayyorlashning umumiy qoidalari hamda rasmiy ish qog‘ozlarining zaruriy qismlarini rasmiylashtirish tartibi aniq misollar yordamida tushuntirib berildi.

O‘rganishlar yakunida korxonaning mas‘ullari tomonidan yo‘l qo‘yilgan kamchiliklar muhokama qilinib, ularni bartaraf etish bo‘yicha tegishli ko‘rsatmalar berildi.


"Chirchiq aviatsiya taʼmirlash zavodi" davlat korxonasida ish yuritish va axborot matnlarining davlat tilida bo‘lishi, o‘zbek tilining lotin alifbosiga bosqichma-bosqich o‘tishni ta‘minlash, mavjud ehtiyojga qarab xodimlarning davlat tilida ish yuritish asoslari bo‘yicha malaka oshirishini tizimli rejalashtirish yuzasidan zaruriy tushuncha va amaliy ko‘rsatmalar berildi.

Mudofaa sanoati bo‘yicha davlat qo‘mitasi inspeksiyasi.