O'zbekiston Respublikasi Mudofaa sanoati bo'yicha davlat qo'mitasi tarixi
  

«...qo‘shinlarni zamonaviy qurol-yarog‘ va harbiy texnika bilan qayta ta’minlash — bugungi va istiqboldagi eng muhim vazifamizdir.

Afsuski, bu masala biz kutgan darajada jadal sur’atlar bilan amalga oshirilmayapti.

Shu munosabat bilan birinchi galdagi vazifa sifatida 2017–2021-yillarga mo‘ljallangan kompleks dastur ishlab chiqishimiz kerak. Unda harbiy ahamiyatga ega mahsulotlar sotib olish, mavjud texnika vositalarini ta’mirlash va modernizatsiya qilish, bu boradagi ishlarni maqsadli moliyalashtirish bo‘yicha aniq tadbirlar ko‘zda tutilishi darkor.

Mamlakatimizda harbiy sanoat majmuasini barpo etish vaqti keldi, deb hisoblayman. Shu nuqtai nazardan mudofaa sanoati sohasida yagona siyosatni amalga oshirish uchun mas’ul bo‘lgan tegishli davlat organini tashkil etish masalasini ko‘rib chiqish kerak. Uning tarkibiga Mudofaa vazirligining ta’mirlash bo‘yicha barcha korxonalarini, shuningdek, Chirchiq aviatsiya ta’mirlash zavodi hamda o‘q-dori tayyorlaydigan “Vostok” ilmiy-ishlab chiqarish birlashmasini o‘tkazish zarur.

Kelgusida ana shu korxonalar faoliyati samaradorligini oshirish bilan birga, ilmiy-ishlab chiqarish bazasini yaratish, servis markazlari va qo‘shma korxonalar tashkil etishga, shuningdek, mamlakatimizning yetakchi korxonalarida harbiy ahamiyatga ega bo‘lgan ayrim turdagi mahsulotlarni ishlab chiqarishni mahalliylashtirishga alohida e’tibor qaratish kerak”.

Shavkat Mirziyoyev,
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti,
Qurolli Kuchlar
Oliy Bosh Qo‘mondoni.
2017 yil 13 yanvar.

Oʼzbekiston Respublikasida uzoq yillar davomida Qurolli Kuchlarni harbiy va ikki maqsadda foydalaniladigan mahsulotlar bilan taʼminlash asosan import hisobidan amalga oshirilib kelingan boʼlib, ushbu holat nafaqat milliy armiyamizni harbiy va maxsus texnika, qurol-aslaha va boshqa zarur jihozlar bilan oʼz vaqtida taʼminlashga, balki mamlakat harbiy xavfsizligini taʼminlash kabi strategik yoʼnalishda xorijiy davlatlarga bogʼlanib qolishdek holatni yuzaga keltirgan edi.

Mamlakat rivojining yangi bosqichida, 2017 yil 20 noyabr kuni Oʼzbekiston Respublikasi Prezidenti – Qurolli Kuchlarimiz Oliy Bosh Qoʼmondonining shaxsan tashabbuslari bilan mamlakatimizda olib borilayotgan harbiy sohadagi islohotlar doirasida milliy mudofaa sanoati kompleksi yaratildi va davlat mudofaa buyurtmalarini shakllantirish, hamda mudofaa ahamiyatiga ega boʼlgan ishlab chiqarish sohasida yagona davlat siyosatini olib borishga masʼul boʼlgan davlat organi – Oʼzbekiston Respublikasi Mudofaa sanoati boʼyicha davlat qoʼmitasi tuzildi.

Oʼtgan yillar mobaynida Qoʼmita tomonidan mamlakatimiz sanoatining harbiy va ikki maqsadda foydalaniladigan mahsulotlarni ishlab chiqarish salohiyatini rivojlantirishni taʼminlash va milliy armiyamizni zamonaviy qurol-yarogʼ, jangovar texnika, maxsus vositalar va ayrim turdagi oziq-ovqat mahsulotlari bilan taʼminlash boʼyicha maqsadli ishlar bajarilib kelmoqda.

Xususan, hozirda harbi-texnik hamkorlik doirasida 20 dan ortiq xorijiy davlatlar bilan aloqalar yoʼlga qoʼyildi, 6 ta hukumatlararo harbiy-texnik hamkorlik boʼyicha komissiya faoliyat yuritmoqda, xorijiy sheriklar bilan harbiy-texnikaviy hamkorlik boʼyicha 10 dan ortiq kelishuv va memorandumlar imzolanib, ularni ijrosi bosqichma-bosqich amalga oshirilmoqda.

Oʼzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlarining qurol-yarogʼ, harbiy va maxsus texnikaning modernizatsiya qilingan hamda istiqbolli namunalariga, shuningdek, boshqa harbiy-texnikaviy mol-mulkka boʼlgan talab-ehtiyojlarini qanoatlantirish maqsadida mahsulotlarni sotib olish ishlari tizimli ravishda amalga oshirilib kelinmoqda.

Harbiy va ikki xil maqsadda qoʼllaniladigan mahsulotlarni ishlab chiqarishni oʼzlashtirish yoʼnalishida ham 2018-2020 yillarda mobaynida samarali ishlar amalga oshirildi, jumladan mamlakatimizdagi ishlab chiqiarish korxonalari bilan hamkorlikda «KamАZ» avtomobili shassisida yuk va maxsus avtomobil texnikalarini, harbiy maqsadda qoʼllaniladigan radioaloqa vositalarini, quruq oziq-ovqat payoklarini, nafas olish organlari himoya vositalarini, suv tashish sisternalari va dala termoslarini, zirhli texnikalar uchun akkumulyator batareyalari, spiralsimon xavfsizlik toʼsiqlarini hamda boshqa mahsulotlarni ishlab chiqarish yoʼlga qoʼyildi.

Shuningdek «Chirchiq aviatsiya taʼmirlash zavodi» davlat korxonasi rekonstruktsiya qilish yoʼli orqali toʼliq kapital taʼmirdan chiqarildi va texnologik jihatdan qayta jihozlandi, buning natijasida korxona tomonidan koʼrsatilayotgan xizmat turlarini kengaytirish imkoni yaratildi. Jumladan, “Mi” rusumidagi vertolyotlarning taʼmirlanayotgan jihozlari nomenklaturasi ortdi, Su-25 rusumli samolyotlarni taʼmirlash oʼzlashtirilmoqda.

Harbiy kiyim-bosh ishlab chiqarishga ixtisoslashtirilgan oʼzbek-turk qoʼshma tekstil korxonasi tashkil etildi. Korxonga ishga tushgach yil davomida 4 mln. kv. metr mato va 1 mln. dona tayyor mahsulot ishlab chiqarish quvvatiga ega boʼladi hamda uning 50 % “Oʼzbekistonda ishlab chiqarilgan” belgisi ostida xorijga eksport qilinadi. Shuningdek, Qurolli Kuchlar tizimida xizmat qilayotgan harbiy xizmatchilar uchun harbiy va maxsus kiyim-bosh ishlab chiqiladi.

Qoʼshma korxona faoliyatini toʼliq yoʼlga qoʼyish va ishga tushirish tadbirlari 2020 yilning II-choragiga rejalashtirilmoqda.

2020 yil yakuniga qadar harbiy va ikki maqsadga moʼljallangan mahsulot ishlab chiqarish koʼrsatkichlarini ikki barobarga oshirish rejalashtirilgan.

Yuqorida belgilangan pirovard natijalarga erishish, hamda mamlakatimiz mudofaa salohiyatini mustahkamlash maqsadida 2020-2025 yillarda Oʼzbekiston Respublikasi mudofaa sanoatini yanada rivojlantirishga qaratilgan amaliy harakatlar rejasi (“Yoʼl xaritasi”) ishlab chiqilmoqda.